TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Rossiya GFR, Polsha va Shvetsiya diplomatlarini noqonuniy (sanksiyalanmagan) aksiyalarda ishtiroki uchun chiqarib yubordi, deb xabar bermoqda EU Observer YeIdagi manbasiga tayangan holda.
Kelishilmagan mitinglar, hukumatning ko‘psonli ogohlantirishlariga qaramay, Rossiyaning turli shaharlarida 23 va 31-yanvar kunlari bo‘lib o‘tdi. Odamlar shuningdek 2-fevral kuni, Moskva Simonov sudi muxolifatchi, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi Aleksey Navalniyga "Iv Roshe" kompaniyasi ishi bo‘yicha berilgan shartli qamoq jazosini 3,5 yil real qamoq jazosiga almashtirish haqida hukm chiqarganida ham ko‘chaga chiqishdi.
Shundan so‘ng, G‘arbning yetakchi mamlakatlari, jumladan, AQSh, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya ham Rossiya hukumatini FBK asoschisini ozod qilishga chaqirdilar.
Rossiya Tashqi ishlari vazirligi G‘arb mamlakatlarining ushbu mavzuda qilgan bayonotlarini "Rossiyani jilovlab turishga urinish, uning ichki ishlariga aralashish" maqsadida uyushtirilgan muvofiqlashtirilgan axborot kampaniyasi deb atadi.
Idora rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning qayd etishicha, Moskva Vashingtonning Rossiyadagi protestlarga va Navalniy bilan bog‘liq voqeaga nisbatan reaksiyasi borasida u bilan "jiddiy gaplashib olish" niyatida.
Korrupsiyaga qarshi kurash fondi Rossiya Adliya vazirligi tomonidan chet el agenti funksiyalarini bajaruvchi Notijorat tashkilot reyestriga kiritilgan.