TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Rishton tumanida qurilgan Xalqaro kulolchilik markazini borib ko‘rdi.
Davlat rahbarining 2017-yil 17-noyabrdagi farmonidan keyin hunarmandchilikni rivojlantirish va hunarmandlar uchun keng imkoniyatlar yaratila boshlandi. Mazkur farmonga muvofiq, o‘tgan yillarda Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarida hunarmandchilik markazlari qurilgan edi. Rishtondagisi mashhur kulolchilik yo‘nalishida bo‘ldi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Bu yerda 20 ta ikki qavatli kulollar xonadoni, Rishton tarixi muzeyi, bank xizmatlari markazi bunyod etilgan. Uylarning birinchi qavatida ustaxona va savdo do‘koni joylashgan, ikkinchi qavatda hunarmandlar oilasi yashaydi.
Xonadonlarda 6 o‘rinli mehmonxona ham mavjud. Chet ellik sayyohlar bu yerda yashab, kulollarning ishi bilan tanishishi mumkin.
Markaz foydalanishga topshirilishi bilan 250 ga yaqin ish o‘rni yaratildi. Kulolchilik mahsulotlari Birlashgan Arab Amirliklari, Chexiya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Davlat rahbari O‘zbekiston xalq ustasi Alisher Nazirov ustaxonasida bo‘ldi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan kulolchilik buyumlarini ko‘zdan kechirdi.
"Bu idishlarda mehnat bilan, yurak bilan birga tarix ham bor. Hamma yo‘nalishlarda milliy an’analarimizni tiklayapmiz. Sopol buyumlarni ham yana ommalashtirib, har bir xonadonga kiritish kerak. Ularni chet elliklar juda qadrlaydi. Chunki chiroyli, sifatli, ekologik toza. Yurtimizdagi har bir uyda mana shunday idishlar bo‘lsa, ham milliy iftixor, ham ma’naviyat bo‘ladi," - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident taniqli kulollar Muzaffar Saidov va Sharofiddin Yusupov xonadoniga ham kirib, ular bilan samimiy suhbatlashdi.
Kulollarga aylanma mablag‘ va imtiyozlar berish, boshqa hududlarda do‘konlar ochishiga ko‘maklashish, mamlakatning xorijdagi elchixonalarida ko‘rgazma-savdo rastalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Xalqaro kulolchilik markazida “Hunarmand” uyushmasining tuman bo‘limi, o‘quv markazi ham joylashgan.
Qurilish jarayonida shu yerdagi Xo‘ja Rushnoiy maqbarasi obod qilingan edi. Davlat rahbari ushbu maqbarani ham ziyorat qildi.
Shu yerda viloyatda “mahallabay” tizimi asosida yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z uyida tikuvchilik sexi ochib, mahalla xotin-qizlarini ish bilan ta’minlagan uchko‘priklik ayollar bilan muloqot qildi. Ular faoliyatini kengaytirishi uchun logistikaga qulay joyda zamonaviy kompleks qurib berish bo‘yicha mutasaddilarga vazifa qo‘ydi.