TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko va O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Botirjon Asadov prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildi.
Rossiya TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv bugun, 4-fevral kuni bo‘lib o‘tgan.
“Oliy darajadagi qo‘shma tadbirlar, jumladan, O‘zbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik jarayoniga alohida e’tibor qaratildi”, - deyilgan xabarda.
Bundan tashqari, tomonlar Rosssiya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning ikkinchi majlisiga tayyorgarlikni muhokama qilishgan.
Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi 2020-yilda rejalashtirilgan edi, ammo koronavirus pandemiyasi tufayli 2021-yilga ko‘chirilgan. Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Turdenev bu imzolanishi ko‘zda tutilgan keng ko‘lamdagi hujjatlar to‘plami ustida yanada sinchkovlik bilan ishlash imkoniyatini yaratishini ta’kidlagan edi.