TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Ulukbek Maripovni respublika bosh vaziri etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
“Maripov Ulukbek Asamidinovich Qirg‘iz Respublikasining bosh vaziri etib tayinlandi”, - deyiladi prezident rasmiy saytidagi xabarda.
Sputnik Qirg‘iziston nashrining yozishicha, hozir mamlakatning yangi hukumati a’zolari, jumladan, bosh vazir Ulukbek Maripov Jo‘qorg‘i Kengashda qasamod qilmoqda. Qasamod prezident va parlament deputatlari tomonidan qabul qilinmoqda.
Ulukbek Maripov 41 yoshda. 2016-yildan beri Hisob palatasi raisi, qariyb 20-yildan buyon davlat xizmatida - Jo‘qorg‘i Kengashi, Moliya vazirligi, FVV, prezident devonida ishlagan. 2011-2015 yillarda Almazbek Atambayevning yordamchisi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 10-yanvar kuni muddatidan avval davlat rahbari saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovchilarning 79 foizdan ortig‘i Sadir Japarovga ovoz berdi. Inauguratsiya marosimi 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tdi.