TOShKENT, 2 fev — Sputnik. O‘zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasi birinchi vitse-spikeri Akmal Saidov O‘zbekistonda navbatdagi prezident saylovlari 2021-yilning 24-oktabrida bo‘lib o‘tishini e’lon qildi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qilmoqda.
Vitse spiker aytishiga ko‘ra, Bu yil O‘zbekiston uchun bir necha muhim voqealar bo‘lib o‘tadi.
"Bu yil O‘zbekiston uchun bir necha tarixiy voqealar bo‘lib o‘tadi. Birinchisi - mustaqilligimizning 30-yilligi, ikkinchisi - yaqinda Parlamentda yangi sanani belgiladik, oktabrning 24 sanasida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovi, uchinsichi - O‘zbekiston xalq shoiri Abulla Oripov tavalludining 80-yilligi. Biz ushbu voqealarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz", - dedi Saidov jurnalistlarga.
Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyaga muvofiq O‘zbekiston prezidenti saylovlari dekabr oyining so‘nggi 10-kunligida bo‘lib o‘tishi kerak, lekin tashkiliy jihatdan bu qator noqulayliklar tug‘dirgani sababli Oliy Majlisning qonunchilik palatasiga 25-yanvar kuni saylovni yangi sanaga kuchirish to‘g‘risida qonun loyihasi taklif qilingan edi.
Prezident saylovi 24-oktabrga ko‘chirilishi 2-fevral kuni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ikkinchi o‘qishda tasdiqlandi. Endi 5-fevral kuni Senat tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.