TOShKENT, 1 fev — Sputnik. O‘zbekistonda o‘quv yili davomida fanlardan o‘z vaqtida baho olmagan talabalar uchun pulli qo‘shimcha semestr tashkil etiladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xolikov AOKAdagi brifingda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra,OTMlarda ta’lim jarayonini kredit-modul tizimida tashkil etish ishlari 2020-21-o‘quv yilidan joriy etib kelinyapti.
“Asosiy o‘zgarishlar — ilgari o‘quv haftalari 38-40 hafta atrofida bo‘lardi. Kredit-modul tizimi joriy etilgach, bu muddat 36 haftaga tushdi. Soddaroq qilib aytganda, akademik dars jarayonlari 10 oydan 7,5-8 oyga tushirildi”, - dedi u.
Talaba bir semestrda 15 hafta tahsil oladi. Agar bir semestrga 18 hafta ajratilgan bo‘lsa, uning ikki haftasi talabalar uchun o‘zlashtirilmagan fanlarini o‘zlashtirishga, yana bir haftasi yangi fanlar hamda o‘qituvchilarni tanlashga sarflanadi.
“Yana bir muhim jihati — uchinchi, yozgi semestr ham qo‘shilgan. Bu — ta’til davriga to‘g‘ri keladi va talabalarning arizasiga ko‘ra, fanlardan baho olmaganlar uchun tashkil etiladi. Uchinchi semestr uchun ariza bergan talabalar belgilangan tartibda qo‘shimcha mablag‘ni amalga oshiradi”, - deya ta’kidladi Xolikov
U hozircha bu tizim bo‘yicha savollar bo‘layotgani, ammo uch yildan so‘ng barcha bu tizimga to‘liq moslashishini qo‘shimcha qildi.