TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari, professor Alisher Abdullayev koronavirusning “britancha shtammi”ni aniqlash jarayoni haqida ma’lumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “britancha shtamm”ni genetik aniqlash jarayoniga taxminan 5 kun vaqt sarflandi. Bu jarayon anchayin murakkab bo‘lib, har bir bosqichini alohida nazorat qilish talab etiladi. Ushbu usul, ya’ni maxsus praymerlar markaz olimlari tomonidan mustaqil ravishda yaratilgan.
“Britancha shtamm”ni aniqlash jarayoni:
- barcha taqdim etilgan namunalarni koronavirus RNKsi DNK shaklga o‘tkazish;
- Real Time PCR reaksiyasi yordamida “britancha shtamm”ning marker mutatsiyasi skriningini o‘tkazish;
- namunani sekvenlashga (genlarning DNK ketma-ketligini aniqlashga) tayyorlash;
- “britancha shtamm”ni aniqlash uchun virus shtammining ORF1ab kodlangan hududi mutatsiyalari va S geni mutatsiyalari maqsadli uchastka sifatida tanlab olish;
- natijalarni kompyuterda qayta ishlab, xalqaro ma’lumotlar bazasidagi ketma-ketliklar bilan solishtirish.
Abdullayev “britancha shtamm”ga xos qator mutatsiyalar mavjudligi tasdiqlanganidan keyingina, ma’lumotlar Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etilganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 30-yanvar kuni O‘zbekistonga koronavirusning “britancha shtammi” kirib kelgani ma’lum bo‘lgan edi. U Dubaydan safardan qaytgan 10 yoshli poytaxtlik qizaloqda aniqlangan.