TOShKENT, 30 yanv - Sputnik. O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar(kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali mamlakatga kirish)ga taqiqlarni 1-mart sanasiga qadar uzaytirdi.
"Hozirda yuzaga kelgan holatlarni tahlili hamda yuqorida qayd etilgan mamlakatlardagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, 2021-yilning 1-fevraliga qadar kiritilgan cheklov muddati Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 1-martiga qadar uzaytirildi", - deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.
Eslatib o‘tamiz: Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlarida so‘nggi 14 kun davomida bo‘lgan shaxslar yuqoridagi cheklov amal qilgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasiga kiritilmasligi;
so‘nggi 14 kun davomida ushbu davlatlarda bo‘lgan holda uchinchi davlatlar orqali kelayotgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 14 kun davomida vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi yoki tegishli mehmonxonada karantinga olinishi tartibi davom etiriladi.