TOShKENT, 29 yanv – Sputnik. Samarqandda fevral oyining birinchi yarmida 15 ming kishi koronavirusga qarshi emlanadi. Bu haqida Sputnik muxbiriga Samarqand viloyati Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi rahbari Adham Bahronov aytib berdi.
Vaksinani birinchi navbatda tibbiyot sohasi xodimlari, shifokorlar, katta yoshdagi surunkali kasalga ega bo‘lgan kishilar, o‘qituvchilar va bog‘chalar tarbiyachilari vaksina oladi, - dedi Baxronov.
Dastlabki bosqichda Xitoy vaksinasidan foydalaniladi. Ikkinchi bosqichda Yevropada ishlab chiqarilgan vaksinadan foydalanish rejalashtirilgan.
Sanitariya bosh shifokori aytishiga ko‘ra, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi borasida ham muzokaralar olib borilmoqda. Ayni damda ushbu vaksina Rossiyada 3 bosqich sinovlardan o‘tayotgani tufayli, undan foydalanish uchun taaluqli tashkilotlar ruxsat berishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, ayni damda Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi vaksinasi O‘zbekistonda 9000 kishida sinovdan o‘tgan.