O‘zbekistonda ilk bor velosport bo‘yicha professional jamoa tashkil etildi

Klub shosse va trek yo‘nalishlarida erkaklar va ayollar bo‘yicha alohida jamoaga ega bo‘ladi. Jamoaga 16 nafar erkak va ayol sportchilarni jalb qilish mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. 27-yanvar kuni velosport bo‘yicha O‘zbekistonning ilk professional klubi Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Klub shtab-kvartirasi va sportchilar shug‘ullanadigan asosiy baza Sloveniyaning Lyublyana shahrida bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekistonda ham jamoaning yana bir bazasi joylashadi.
“Rejaga ko‘ra, Murodjon Xolmurodov, Olga Zabelinskaya kabi velosportchilarimiz “Uzbekistan Cycling Pro Team” klubi bilan shartnoma tuzadigan ilk rayderlar bo‘lishadi”, - deyilgan xabarda.
Klub shosse va trek yo‘nalishlarida erkaklar va ayollar bo‘yicha alohida jamoaga ega bo‘ladi. Jamoaga 16 nafar erkak va ayol sportchilarni jalb qilish mumkin. Bundan tashqari, jamoaga legioner sportchilarni ham jalb qilish mumkin. 
Klub o‘zining ilk startini mart oyining so‘ngida Sloveniyada o‘tadigan musobaqada o‘tkazishi kutilmoqda.