TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Mart oyidan boshlab Quvaytga charter reyslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, reyslar haftasiga ikki marta “Uzbekistan Airways” tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, u keyinchalik reyslar soni haftasiga beshtagacha ko‘paytirilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston koronavirus pandemiyasi sabab vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan muntazam parvozlarni tiklagan edi. Reyslar haftasiga bir marta chorshanba kunlari amalga oshirilmoqda. Yo‘lovchilar o‘zlari bilan "COVID-19"ga "PZR SARS-COV-2" uslubida test topshirilgani to‘g‘risidagi, olinganiga 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan amaldagi ma’lumotnomaga ega bo‘lishlari shart.