TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Toshkent viloyati Angren shahrida 2,5 yoshli qizcha vafot etdi, uning o‘limida onasi nikohsiz yashab kelgan erkak gumonlanmoqda. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar qilmoqda.
Sodir etilgan qotillik Toshkent viloyati IIBB boshlig‘i polkovnik Tohir Aripov boshchiligida keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilingan.
Gumonlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u tanishi Z. va uning 2018-yilda tug‘ilgan qizi bilan bir necha oydan buyon ijara uyda yashab kelgan.
“14 yanvar kuni esa Z. qizini uyda qoldirib do‘konga chiqib ketgan. Shu vaqtida bola yig‘lab xarxasha qilgani uchun uni tinchlantirish maqsadida A. bolaning bosh qismiga urgan va shu bilan qizaloq jim bo‘lib qolgan”, - deyilgan xabarda.
Holat yuzasidan tayinlangan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, qizaloq olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgani tasdiqlangan.
Gumonlanuvchi yig‘ilishda qilmishidan pushaymonligini bildirib, xalqdan uzr so‘ragan.
Viloyati IIBB boshlig‘i o‘z so‘zida shahar hududida jinoyatchilikning oldini olish borasida olib borilayotgan profilaktik chora-tadbirlar yetarli darajada tashkil qilinmagani, shu kabi nazoratga ham olinmaganini birgina shu jinoyat misolida ko‘rsatib bergan.
Shuningdek, shaharning asosiy ko‘chalari va boshqa tadbirkorlik subyektlarida kameralarning o‘rnatilmaganligi, o‘rnatilganlarining ham ayrimlari ishdan chiqqanligi, asosan hududiy IIB mas’ullari, profilaktika inspektori va mahallari raisining e’tiborsizligi jinoyatga olib kelganligi ma’lum qilindi.
Aripov xizmatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hududiy profilaktika inspektori va mahalla raisiga hayfsan intizomiy jazosini bergan. IIBB va shahar IIB mas’ullarini qattiq ogohlantirgan.
Shahardagi kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatni jilovlash yuzasidan alohida choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.