TOShKENT, 28 yanv – Sputnik. Samarqand shahrida ayni damda qurilishi jadal olib borilayotgan yangi aeroport 1-sentabrdan ishga tushadi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Aeroport qurilishiga xorijiy davlatlardan yetakchi mutaxassislar taklif qilingan: ular aeroportning muhandislik tarmoqlarini qurmoqda.
© Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Yangi aeroport eng zamonaviy xavfsizlik va sanitariya-gigiyena talablari asosida, xususan pandemiya tajribasini hisobga olgan holda barpo qilinmoqda.
Yangi aeroportning quyidagi xususiyatlariga alohida e’tiborga molikdir:
- soatiga 600 + 600 kishini kutib olishi/kuzatishi mumkin (oldin 400 kishi edi);
- 4 teleskopik traplar bilan jihozlanadi (avval bo‘lmagan);
- 24ta samolyot uchun turar joy (oldin 8ta edi);
- uchish-qo‘nish yo‘lagi katta samolyotlarni qabul qiladi;
- 4ta kutish zali mavjud bo‘ladi;
- 26ta yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish nuqtalari (20ta xalqaro + 6ta mahalliy);
- onlayn registratsiya (yo‘lovchilar va bagaj uchun alohida);
- zamonaviy xavfsizlik, videokuzatuv va dispetcherlik tizimlari o‘rnatiladi;
- havo ultrabinafsha nurlari lampalari yordamida tozalanadi;
- ekspluatatsiya muddati 15-20 yil;
Ayni damda Samarqand aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi katta o‘lchamli samolyotlarni qabul qilishga moslashtirilmoqda. Yo‘lak 95 foizga qurib bitkazilgan. U ishga tushganidan so‘ng, aeroportda Airbus A-380 dan tashqari, barcha turdagi samolyotlarni qabul qilish mumkin bo‘ladi.
© Sputnik / Dilshoda Raxmatova
Yangi aeroport o‘z imkoniyatlari bo‘yicha Markaziy Osiyoda yagona bo‘ladi. Aeroport binosi ochilgan kitob shaklida bo‘lib, uning tomida yulduzlar joylashuviga muvofiq chiroqlar o‘rnatiladi.
Hozir Samarqand viloyati hokimligi unga nom berish uchun tanlov o‘tkazmoqda. Taklif qilinayotgan nomlar orasida - Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur va Marokanda.
Aytish joiz-ki, yangi aeroport qurilishi jadal olib borilayotgan bo‘lsa-da, aeroport faoliyati bir kunga ham to‘xtatilgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand yangi aeroporti qurilishi haqida 2020-yilning 5-avgustida e’lon qilingan edi. Yangilash loyihasi qiymati 62 million dollarni tashkil qilgan.
© Sputnik / Dilshoda Raxmatova