TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov rasman davlat rahbari lavozimini bajarishga kirishdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Qirg‘iziston nashri.
Inauguratsiya marosimi Toktogul Satilganov nomidagi Milliy filarmoniyaning Katta zalida bo‘lib o‘tmoqda. Unda mingdan ortiq mehmonlar, jumladan, 2020-yil oktabrida ixtiyoriy ravishda iste’foga chiqqan mamlakatning sobiq prezidenti Soroonbay Jeenbekov qatnashmoqda.
Tantanali marosimda Japarov qasamod qilib, Qirg‘iziston xalqi uchun sodiq xizmat qilishga va’da berdi.
Respublika Markaziy saylov komissiyasi rahbari Nurjan Shayldabekova Japarovga davlat ramzlarini topshirdi.
Qirg‘izistonda muddatidan avval prezident saylovlari 2021-yil 10-yanvar kuni bo‘lib o‘tdi. Saylovchilarning 79 foizdan ziyodi Sadir Japarov nomzodini qo‘llab-quvvatladi.