DXXga yoshlar muammolarini tizimli o‘rganish vazifasi yuklatildi

Davlat xavfsizlik xizmati yoshlarning ijtimoiy muammolarini tizimli o‘rganish va muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Sputnik
TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarning ijtimoiy muammolarini tizimli o‘rganish va muvofiqlashtirish vazifasini Davlat xavfsizlik xizmatiga yukladi. Bu haqda davlat rahbari yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Prezidentning ma’lum qilishicha, mamlakatimda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod. Bu – aholining qariyb 55 foizini tashkil etadi. Bugungi kunda 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foizni tashkil etadi.
“Biz vazifani muhimligini inobatga olib birinchi marta xavfsizlik xizmatiga bu topshiriqni berganmizki, muvofiqlashtirish, joylardagi tuman rahbarlari qabul qilgan masalani albatta bajarish, nazorat qilish. Shu bilan birga bajartirish. Yoshlar bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, hokimlar, rayon hokimi o‘rinbosari degan lavozim bor, ichki ishlar boshqarmasi (boshlig‘i – tahr.) o‘rinbosari bor. Hamma tizim pastda yaratilgan. Lekin, ming afsus, biz kutgan natija bo‘lmagani uchun mana shunday tizim qilyapmiz”, - dedi Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, ishsizlik masalalarini tizimli hal etish maqsadida Respublika ishchi guruhi joylarda o‘g‘il-qizlarning takliflarini “mahallabay” o‘rganmoqda. Bu o‘rganishlar yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, ular uchun kredit ajratishda haligacha ko‘plab kamchiliklar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. 
Joriy yilda 500 ming nafar yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish zarurligi ta’kidlandi. Tuman va shaharlarda an’anaviy yoki masofaviy o‘quv kurslarini ko‘paytirish, ishsiz yoshlarni ushbu tizim orqali kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitib, bandligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
“Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunar kollejlarini asbob-uskuna bilan ta’minlash, kasb standartlarini ishlab chiqish va o‘qituvchilar malakasini oshirish vazifalari belgilandi.
“Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida o‘g‘il-qizlarni tadbirkorlarga biriktirib, ularda biznes ko‘nikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratib, o‘z faoliyatini boshlashga ko‘maklashish zarurligi aytildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga joylarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.