TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Abrorxo‘ja Turdaliyev Markaziy banki raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Turdaliyev zimmasiga kredit tashkilotlari prudensial nazorati, kredit tashkilotlarida moliyaviy monitoringni muvofiqlashtirish va valyuta nazorati, kredit tashkilotlarini inspeksiya qilish yo‘nalishlarini muvofiqlashtirib borish vazifasi yuklatildi.
U 1979-yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2000-yili Toshkent moliya institutini, 2013-yili Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2000-yilda mamlakat Markaziy bankida yetakchi iqtisodchilikdan boshlab, bosh iqtisodchi, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i, departament direktori o‘rinbosari kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Lavozimga tayinlangunga qadar esa, u Markaziy bankning Kredit tashkilotlari prudensial nazorati departamenti direktori bo‘lib ishlab kelayotgandi.