TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Joriy yilning 28-yanvaridan boshlab sanitariya-epidemiologik talablarga qat’iy rioya etgan holda konsert va tomosha tadbirlarini tashkil etishga ruxsat berildi.
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan konsert va tomosha tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha quyidagi talablar belgilandi:
- konsert saroylarining tomoshabin sig‘imini inobatga olgan holda tomoshabinlar sonini 50 foizdan oshirmagan holda tashkil etish;
- konsert saroylarining tomoshabin o‘rindiqlaridan oraliq masofani saqlagan holda foydalanilishini ta’minlash va bu borada oraliq masofani saqlash uchun talab etiladigan o‘rindiqlarni konservatsiya qilish;
- konsert saroylariga tashrif buyuruvchi tomoshabin hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar qat’iy niqobda bo‘lish.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlar tomonidan soat 8:00 dan 23:00 gacha bo‘lgan davrida faoliyat yuritishi bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlar bekor qilindi.
Ushbu xizmatlar Vazirlar Mahkamasining “Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2019-yil 24-iyuldagi qarori talablari doirasida tashkil etilishiga ruxsat berildi.
Maxsus komissiya fuqarolardan sanitariya-epidemiologik qoidalarga qat’i rioya etishlari hamda mamlakatda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash borasida erishilgan bugungi vaziyatni bardavom bo‘lishi uchun shaxsiy mas’uliyatni oshirishni so‘ragan.