Mirziyoyev: kamroq gapiring, balandparvoz gaplar menga yoqmaydi

Prezident Buxoro viloyatidagi uchrashuvda amaldorlarga ko‘proq ishlash kerakligini maslahat berdi. Aniq takliflar bilan chiqqan fuqarolarni esa qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatining Olot tumani markazida Olot, Qorako‘l, Jondor va Shofirkon tumanlari faollari, mahalla raislari bilan uchrashuvda amaldorlarga ko‘proq ishlash kerakligini maslahat berdi.
Prezident matbuot xizmati tomonidan davlat rahbarining viloyatga tashrifiga bag‘ishlab tayorlangan maxsus reportajida davlat rahbari fuqaro va amaldorlardan taklif va savollar so‘ragan. Shuningdek, quruq hisobot bilan cheklanayotgan mansabdorlarga kamroq gapirib, ko‘proq ishlashni maslahat bergan.
“Men siz bilan birinchi marta gaplashayapman. Kamroq gapiring… Menga qilgan ishlaringizni… Balandparvoz gaplar menga yoqmaydi, ish joyini tashkil qilib, kambag‘alni kamaytirish kerak. Eng katta maqsadim shu”, — dedi prezident.
Shuningdek, davlat rahbari aniq takliflar bilan chiqqan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuvda “Oqsuv” MFY raisi o‘z mahallasida 214 nafar ishsiz fuqaro va 4 nafar tadbirkor borligini ma’lum qildi. Mahalla raisi tadbirkorlardan biri shaharda ijarada turib faoliyat ko‘rsatayotgani, mahallaning yetti nafar fuqarosini ish bilan ta’minlaganini aytgan va prezidentdan uning qishloqda faoliyat ko‘rsatishi uchun yer so‘ragan.
“Yer bersa bo‘ldi, o‘zi hamma binosini tiklab, yettita emas, 15 ta fuqaroni ish bilan ta’minlayman deyapti”, — deydi mahalla raisi.
Bunga javoban Shavkat Mirziyoyev shu kabi takliflar kerakligini qayd etdi.
Suhbat davomida hayajonga tushgan mahalla raisi davlat rahbariga “bundan keyin sizni ‘podvodit’ qilmaymiz”, deya va’da bergan va o‘z fikrini o‘zbek tilida bildirmagani uchun darhol uzr so‘ragan.
“Mayli, mayli, ‘podvodit’ qilmasang ham mayli. Qaysi tilda gapirsang ham mayli, ‘podvodit’ qilmasang bo‘ldi”, — deya Mirziyoyev holatni hazilga yo‘yib.