Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi otradlar tashkil etiladi

Ko‘maklashuvchi otradlar a’zoligiga sog‘lom, fuqarolarning huquq va erkinligini hurmat qiladigan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ixtiyoriy ravishda qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Hukumat qarori bilan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otradlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi “Chegara posbonlari” otradlari (ko‘maklashuvchi otradlar) chegara zonasida, davlat chegarasiga tutash tumanlarda yashovchi fuqarolar, shuningdek, davlat chegarasi yaqinida joylashgan muassasa, korxona va tashkilotlarda ishlayotgan ishchi va xizmatchilardan tashkil etiladi.
Ko‘maklashuvchi otradlar a’zoligiga sog‘lom, fuqarolarning huquq va erkinligini hurmat qiladigan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ixtiyoriy ravishda qabul qilinadi.
Chegaradosh aholi punktlarida amalga oshiriladigan tadbirlarda Chegara qo‘shinlari nazorati ostida qatnashish, belgilangan hududlarda kuzatuv olib borish va faoliyatining tungi vaqtlarida jamoat joylari, mahalla ko‘chalari va chegaradosh hududlardagi qarovsiz joylarda tungi patrullik faoliyatida ishtirok etish ko‘maklashuvchi otradlarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ko‘maklashuvchi otrad Chegara qo‘shinlari harbiy qism bo‘linmalari huzurida 1 nafar sardor va 9 nafargacha bo‘lgan otrad a’zolaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.
Davlat chegara o‘tkazish punktlarida pullik xizmatlar - hukumat qarori loyihasi
A’zolikka qabul qilishda mehnat shartnomasi tuzilmaydi va ish staji hisoblanmaydi.
Ko‘maklashuvchi otradga qabul qilish va ro‘yxatdan chiqarish Chegara qo‘shinlari va harbiy qism komandirining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.
Ko‘maklashuvchi otrad a’zolariga guvohnoma berilib, guvohnoma shakli va uni berish tartibi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.
Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishda, zarurat tug‘ilganda, ko‘maklashuvchi otrad a’zolari o‘zlarining asosiy ish joyi ish beruvchisi roziligi asosida faoliyatidan yil davomida jami 30 ish kunidan oshmagan holda vaqtincha ozod qilinadi va bunda ularning ish staji hamda o‘rtacha oylik maoshi o‘z holicha saqlanib qolinadi.