TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda ekologik toza energiya ishlab chiqarishni 2500 MVtga oshirish bo‘yicha energetika loyihalari ijrosi yo‘lida uchta asosiy bosqich amalga oshirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qilmoqda.
Ular 2020-yil mart oyida O‘zbekiston Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “ACWA Power” kompaniyasi o‘rtasidagi imzolangan kelishuvlar asosida amalga oshirilmoqda.
Umumiy investitsiyaviy qiymati 2,5 milliard dollar va umumiy quvvati 2 500 MVt bo‘lgan uchta yirik energetika loyihalari doirasidagi yangi ishlanmalar amalga oshirilmoqda:
- quvvati 1500 MVt bo‘lgan Sirdaryo IES qurilishining rasmiy boshlanishi;
- Buxoro va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi bo‘yicha elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha ikkita kelishuv;
- Investitsiya kelishuvlari.
Ta’kidlanishicha, mazkur uchta loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonning energetik quvvatlarini talab darajasida oshirish kafolati hisoblanadi. Chunki 2030-yilga borib elektr energiyasi iste’moli 110 milliard kVt soatga yetishi kutilmoqda.
Ular, shuningdek, O‘zbekistonda energiya samaradorlikni oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek energetika sektorida yaqinda amalga oshirilgan islohotlar doirasida qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha milliy dastur bilan kelishiladi.
O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov yuqoridagi bosqichlardan o‘tish yuklatilgan majburiyatlar bajaralayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
“O‘zbekistonda ekologik toza energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish ma’lum vaqt davomida ishlanmalar va investitsiyalar sohasidagi ko‘plab maqsadlarga erishishni ko‘zda tutadi. Rejalarimizning samarali amalga oshirilishi O‘zbekistonga katta miqdordagi investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatimiz energetik maqomini oshirish imkonini beradi. Vazirlik “ACWA Power” kompaniyasi va Saudiya Arabistoni delegatsiyasiga boshlangan ishlar uchun chuqur minnatdorlik izhor etadi. Biz uzoq muddatli va samarali hamkorlik qilish niyatidamiz”, - dedi vazir.
“ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan bu uchta loyiha ularning mamlakatdagi sarmoyaviy loyihalardagi ishtirokini kengaytirish imkonini berganini urg‘uladi.
“Sirdaryo IES qurilishiga start berilishi, ESK va O‘zbekistonning past darajali uglevodorod chiqindili resurslardan foydalanishga o‘tishida muhim omil sanaladigan Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi “Bash” va “Jonkeldi” shamol elektr stansiyalari bo‘yicha Investitsiya kelishuvlarining imzolanishi bizning energetika tarmog‘ini isloh qilish va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirilishini rag‘batlantirish jarayonidan ilgarilab ketishga bo‘lgan intilishimizni ifodalaydi”, - dedi u.
Energetika vazirligi va “ACWA Power” kompaniyasi vodorod energiyasini rivojlantirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishdi. Mazkur kelishuv O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda vodorod va qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi ilmiy izlanishlar orqali issiqxona gazi chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha o‘z maqsadiga erishishda birinchi qadamlarini nazarda tutadi.
Ma’lumot uchun: “ACWA Power” kompaniyasi elektr energiyasi va chuchuk suv ishlab chiqarish bo‘yicha uskunalarni ishlab chiqish, moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilishga ixtisoslashgan. Kompaniya 2004-yilda Ar-Riyod shahri (Saudiya Arabistoni)da ro‘yxatga olingan va ta’sis etilgan.