Mahmud Murodov g‘alabasidan so‘ng UFC prezidentiga nima dedi

Murodov amerikalik raqibini texnik nokautga uchratgan so‘ng oktagondan sakrab chiqib, UFC prezidenti Dana Uaytga murojaat qildi.
Sputnik
TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. UFC bilan shartnoma imzolagan ilk o‘zbekistonlik sportchi Mahmud Murodov UFC prezidenti Dana Uaytdan nega uning Instagram sahifasiga hozirgacha obuna bo‘lmaganini so‘radi. Bu haqda Dana Uayt UFC 257 turniri yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlardan biri undan jangdan so‘ng Murodov nega uning Instagram sahifasini kuzatib bormayotgani haqida so‘ragani rostmi deya savol berdi.
“Men unga seni endi kuzatib boraman dedim”, - deya buni tasdiqladi UFC prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mahmud Murodov Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan UFC 257 musobaqasida amerikalik Endryu Sanchesni texnik nokautga uchratib, uchinchi g‘alabasiga erishgani xabar qilingan edi.