TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) so‘nggi o‘n yillikning eng yaxshi hakamlari ro‘yxatini tuzdi.
Ushbu ro‘yxatga o‘zbekistonlik futbol hakami Ravshan Ermatov ham kiritildi.
2011-2020 yillar oralig‘ida IFFHS hakamlarning har bir yildagi reytingini olgan va shu orqali ularni baholagan. Yil hakami bo‘lganlarga 20 ball, 2-o‘rindagilarga 19 ball, 3-pog‘onadagilarga esa 17 ochko berildi va 20-o‘ringa qadar shu tarzda baholangan.
Unga ko‘ra, eng yaxshi hakam deb germaniyalik Feliks Brix (141 ball) topildi. Undan 1 ochkoga ortda qolgan turkiyalik Junayt Chaqir esa 2-bo‘ldi. Kuchli uchlikka niderlandiyalik Born Kuypers kiritilgan.
O‘zbekistonlik Ravshan Ermatov esa 33 ball bilan 16-o‘rindan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Ravshan Ermatov besh marta Osiyoning eng yaxshi hakami deb topilgan.
U faoliyati davomida uchta Jahon chempionatida qatnashib, bosh hakam sifatida 11 o‘yinni boshqargan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha rekordchi hisoblanadi.