TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. Antarktidadagi aysberglarning erishi zanjirli reaksiyani hosil qilib, Yerni yangi muzlik davriga olib kelishi mumkin. Bu haqda Daily Mail Kardiff universiteti tadqiqotchilari ma’lumotlariga asoslanib xabar qildi.
Olimlarning ta’kidlashicha, erigan aysberglar asta-sekinlik bilan chuchuk suvni Atlantika okeaniga olib boradi. Ushbu jarayon okean aylanishidagi o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi, bu esa o‘z navbatida Yerga iqlim sovib ketishi bilan tahdid soladi.
Tadqiqotchilar aysberglarning erishi va okean aylanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni so‘nggi 1,6 million yil ichida har bir muzlik davrining boshida bo‘lganligini aniqladilar.
Oldinroq olimlar muzlarning erishi va global isishning boshqa oqibatlari jahon okeani sathining ko‘tarilishiga olib kelayotgani haqida ogohlantirgan edilar, bu uzoq vaqt davomida inson tomonidan o‘zlashtirilgan qirg‘oq hududlarini suv bosishi bilan tahdid qilishi mumkin.