Toshkentda 5 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Uchtepa tumanida masofa saqlamaslik oqibatida uchta “Matiz”, “Damas” va “Neksiya” ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Toshkentning Uchtepa tumanida masofa saqlamaslik oqibatida uchta “Matiz”, “Damas” va “Neksiya” ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, YTH 13-yanvar kuni soat 11:00 larda, Foziltepa ko‘chasidagi “Bog‘ishamol” istirohat bog‘i ro‘parasida yuz bergan.
22 yoshli “Matiz” haydovchisi I.F. oraliq masofani saqlamagani oqibatida svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan 29 yoshli X.R. boshqaruvidagi “Damas”ga borib urilgan. Zarb oqibatida “Damas” o‘zidan oldinda to‘xtab turgan A.A. boshqaruvidagi “Matiz”’ga, u esa o‘z navbatida oldinda to‘xtab turgan Sh.Ya. boshqaruvidagi yana bir “Matiz”ga borib urilgan. Ushbu “Matiz” esa undan oldinda to‘xtab turgan Sh.I. boshqaruvidagi “Neksiya”ning orqa tomoniga urilgan.
YTH oqibatida masofa saqlamagan “Matiz” haydovchisi 21 yoshli I.F. va “Damas” haydovchisi 29 yoshli X.R.ga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Mazkur hodisa yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB dastlabki surishtiruv ishlarini olib bormoqda.