Samarqandda bir oila zaharlanish sabab birdaniga 3 nafar farzandidan ayrildi

Samarqandda bir oilaning yoppasiga is gazidan zaharlanishi tufayli voyaga yetmagan uch farzand nobud bo‘ldi. Ularning eng kichigi 1-yilu 1 oylik bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida bir oilaning yoppasiga is gazidan zaharlanishi tufayli voyaga yetmagan uch bola nobud bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Sputnik nashriga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 12-yanvar kuni 10:00 larda Kattaqo‘rg‘on tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi D.Jo‘rayev (1986 y.t.), uning turmush o‘rtog‘i S.Ostonova (1991 y.t.), voyaga yetmagan farzandlari S.Pardayev (8 yosh), M.Pardayeva (4 yosh) va Sh.Pardayevalar (1 yilu bir oylik) yashash uyi xonasida is gazidan zaharlanish alomatlari bilan yaqin qarindoshlari tomonidan topilgan.
Qarshida 13 nafar o‘smir is gazidan zaharlandi
Voyaga yetmagan S.Pardayev, M.Pardayeva va Sh.Pardayevalar hodisa joyida vafot etishgan.
Sud tibbiyot ekspertizasining birlamchi ma’lumotida, voyaga yetmagan S.Pardayev, M.Pardayeva va Sh.Pardayevalarning o‘limi is gazidan zaharlanish natijasida yuzaga kelganligi ko‘rsatilgan.
Er-xotinlarga is gazidan zaharlanish tashxisi bilan zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.