TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yilda tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Tijorat banklari tomonidan 2021-yilda 120 trillion so‘m miqdoridagi yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qurilish materiallari, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, neft-kimyo, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan 14 ta yirik investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan.
Masalan, Sirdaryo shahrida faoliyat yuritayotgan polietilen qop va yengil konteynerlar ishlab chiqarish korxonasida 2 mingga yaqin kishi mehnat qilmoqda. Buning davomi sifatida, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “spanbond-meltblaun” noto‘qima matolarini ishlab chiqarishga qaratilgan 94 million dollarlik loyiha rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga, shuningdek, poytaxtda investitsiya loyihalari amalga oshirilishi borasida ma’lumot berildi.
Poytaxtda 2020-yilda 3,7 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Qiymati 11 trillion so‘mdan ziyod 306 ta loyiha foydalanishga topshirilib, qariyb 13 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.
2021-2023 yillar uchun qiymati 109 trillion so‘mdan ziyod 1 ming 277 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Shundan qariyb 4,9 milliard dollari xorijiy investitsiya va kreditlarga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Bu sa’y-harakatlar 86 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.
Joriy yilda mazkur loyihalar doirasida barcha manbalar hisobidan 4,1 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilishi belgilangan. 454 ta loyihani ishga tushirib, qariyb 29 ming kishini ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.