TOShKENT, 12 yanv - Sputnik. Italiyaning nufuzli La Gazzetta dello Sport nashri Eldor Shomurodovga qoyil qoldi. Gazetaning so‘nggi nashrida o‘zbekistonlik futbolchiga bag‘ishlangan katta maqola e’lon qilingan.
Unda aytilishiga ko‘ra, Eldor fenomen va Jenoaning so‘nggi umidi.
“Shomurodov – ijtimoiy fenomen va Jenoani hozirgi vaziyatdan qutqarish va jamoa kelajagi uchun so‘nggi umid. Ushbu qobiliyatli futbolchi yarim mavsum ichida klubda muhim o‘ringa ega bo‘ldi va o‘z transferi uchun sarflangan mablag‘larni to‘liq oqlamoqda”, - deyilgan maqolada.
Jamoa Treneri Davide Ballardi aytishiga ko‘ra, Eldorning o‘yinida ham sifat ham miqdor bor. Eldor o‘yin davomida juda ko‘p mehnat qiladi, va katta hajmda ish bajaradi va u hatto mashg‘ulotlarda ham o‘zini ayamaydi.
“U juda zo‘r, lekin buni uning o‘ziga hozircha aytganim yo‘q”, - deydi Ballardini.
Eldor Italiyaga kelgan kunidan boshlab til o‘rganishni boshlagan. Murakkab narsalarni tushunishda unga moldovalik jamoadoshi Dumbravanu yordam bermoqda.
Dekabr o‘rtasida Eldorning birinchi farzandi – Mustofo tug‘ildi. Eldor Rojdestvo bayrami kanikulida uni ilk bor ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozgan nashr.
Eldor o‘zbek milliy taomi – palovni juda yaxshi ko‘radi, lekin Genuyada hozircha o‘zbek restoranlari yo‘q.
Nashr yozishiga ko‘ra ijtimoiy tarmoqlarda Eldorning ishqibozlari juda ko‘p. Uning instagramini 130 mingdan ortiq kishi kuzatib boradi, har bir golga 30 ming ming kishi reaksiya bildiradi, deb yozadi nashr.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov "Jenoa"ga 2020-yilning oktabr oyida Rossiyaning “Rostov” jamoasidan o‘tgan edi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra “Jenoa” “Rostov”ning eng yaxshi hujumchisi uchun 7,5 mln. yevro to‘lagan.
Bir necha kun oldin Italiya OAVlarida "Yuventus" jamoasi Eldor Shomurodovga qiziqish qildirayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. "Yuventus" haqiqatdan ham ayni damda Alvaro Morataning o‘rniga A-seriyadan boshqa futbolchi izlamoqda. Dastlabki bosqichda jamoa Eldorni ijaraga olishi ham mumkin.