Buxoroda homilador ayol hali tug‘ilmagan bolasini 50 mln so‘mga sotishga urindi

22 yoshli M.R. tanishiga to‘rt oylik homilasi borligi va moddiy jihatdan qiynalayotganini aytgan. Keyin unga homilasini sog‘lom holda tug‘ib, 50 million so‘m evaziga sotishni taklif qilgan.
Sputnik
TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Buxoro shahrida hali tug‘ilmagan farzandini sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qilmoqda.
Aniqlanishicha, 2020-yilning dekabr oylarida 22 yoshli M.R. Buxoro shahrida joylashgan kafelardan birida ofitsiant bo‘lib ishlab yurgan vaqtida ushbu kafega mijoz sifatida kelgan fuqaro F.E. bilan tanishib qolgan. Suhbat davomida unga to‘rt oylik homilasi borligi va moddiy jihatdan qiynalayotganini aytgan. Kelgusida ham tug‘ilajak farzandini moddiy ta’minlay olmasligini aytib, uni dunyoga keltirgandan so‘ng sotish niyati borligini ma’lum qilgan.  
Keyin F.E.ga to‘rt oylik homilasini sog‘lom holda tug‘ib, 50 million so‘m evaziga sotishni taklif qilgan. Oldindan undan 25 million so‘m pullarni so‘ragan.
Joriy yilning 6-yanvar kuni soat 19:00 da Buxoro shahar A.Jome ko‘chasida joylashgan “Al-Pari” restorani oldida M.R. fuqaro F.E.dan 20 million so‘m va 500 dollar olgan vaqtida ushlangan. 
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan M.R.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 25, 135-moddasi 1-qismi (odam savdosiga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.