TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Jizzaxda “Dong Feng” krossoveri va “New Star Truck” avtomobillarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ular Xitoyning yirik “Dong Feng” va “Changan” avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqariladi.
Ushbu avtomobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish 2021—2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi tasdiqlangan prezident qarorida keltirilgan.
Loyihaga binoan yiliga 27 ming dona avtomobil ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Loyiha 16,2 million dollarga baholangan. Shundan 10,5 million dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar, 5,6 million dollari esa o‘z mablag‘lari.
Loyiha Jizzax erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshirilishi hamda zavodda 3 xil turdagi krossover, 2 xil turdagi yengil yuk tashuvchi va mikroavtobuslar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Hokimlik xabarida ayni paytda zavod hududida keng ko‘lamdagi qurilish ishlari boshlab yuborilgani qo‘shimcha qilingan.