TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Braziliyada 15-yanvardan boshlab koronavirusga qarshi Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi ishlab chiqariladi. Bu haqda vaksinaning Twitter᾽dagi sahifasida ma’lum qilindi.
“Braziliya 15-yanvardan “Sputnik V”ni ishlab chiqarishni boshlaydi”, - deyilgan xabarda.
Avvalroq Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bilan hamkorlik qiluvchi Braziliyaning “Uniao Quimica” farmatsevtika kompaniyasi matbuot xizmati mamlakatga ishlab chiqarish uchun kerakli hujayra materiali olib kelinganini ma’lum qilgan edi.
Rossiya dunyodagi birinchi koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini avgust oyida ro‘yxatga oldi. U Gamaleya nomidagi markaz tomonidan yaratilgan va Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilmoqda. Vaksina ayni paytda o‘zining xavfsizligi va samaradorligini isbotlagan. Shuningdek, vaksinada uzoq kuzatiluvchi salbiy oqibatlar mavjud emasligi o‘z isbotini topgan.