TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘zining nabirasi Aysultan o‘limiga izoh berdi.
Yelbasi bu haqda "Portretga chizgilar" hujjatli filmining uchinchi qismida so‘zlagan.
"Uch nafar qizimdan ajoyib nabiralarim bor. Afsuski, shu yili (2020-yil, — tahr.) nabiralarimdan birini yo‘qotib qo‘ydik, u juda menga o‘xshardi. Nabiram dunyoni juda erta tark etganidan qattiq afsuslanaman", — degan Nazarboyev.
U, shuningdek, Aysultan turli davlatlarda giyohvandlikka qarshi davolanganini aytib o‘tgan.
"Uni hech qayerga yubormaslik mumkin edi, ammo ushlab turishning imkoni yo‘q edi. U bu ishning quliga aylanib ulgurgandi, to‘xtata olmasdi o‘zini. Biz uni Moskvada davolatdik, Londonda davolatdik. Bir qarashda bu ishdan uzoqlashgandek bo‘lardiyu, yana qaytardi", - deb qo‘shimcha qilgan Yelbasi.
Aysultan Nazarboyev 2020-yilning 16-avgustida 30 yoshida vafot etdi.