TOShKENT, 5 yanv - Sputnik. Turkiyada yil boshidan buyon 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi. Bu haqida TIV Konsullik-huquqiy departamenti xabar qilmoqda.
Istanbul shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xabariga ko‘ra, 2021-yil 2-yanvar kuni Izmir muzofoti Karshiyaka tumanidagi turar-joy binosining 10-qavatidan qulashi oqibatida 2002 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi M.B. (ayol) vafot etgan. Ushbu voqea yuzasidan Turkiya prokuraturasi tekshiruv o‘tkazmoqda.
Shuningdek, 2021-yilning 1-yanvar kuni Istanbul shahrida shifoxonada 1974-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Sh.R yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan.
Bosh konsulxona yuqoridagi holatlarni nazoratga olib, Turkiyaning vakolatli idoralari bilan aloqada bo‘lib turibdi. Vafot etganlarning jasadlarini O‘zbekistonga dafn etish uchun yuborishni tashkil qilishda marhumlarning yaqinlariga konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda, deyilgan xabarda.