TOShKENT, 5 yanv - Sputnik. 7 yanvar kuni Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri oldidagi maydonda ochiq osmon ostidagi yaxmalak ishga tushiriladi, deb xabar qilmoqda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi.
«Ochiq osmon ostidagi shahar muz maydoni” loyihasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda “Art Uz Promotion Agency” tomonidan poytaxt hokimligi qo‘llab-quvvatlashi ostida o‘tkazilmoqda. Maqsad – aholi orasida sog‘lom turmush tarzi hamda sportni keng targ‘ib qilish, - deyilgan xabarda.
Shahar markazidagi muz maydoni bir oy muddatga o‘rnatiladi. Bu vaqt mobaynida ochiq osmon ostidagi muz maydonida qator madaniy-ko‘ngilochar va sport tadbirlari o‘tkaziladi. Konsert zonasida “Dance Music Fest Winter”, “Iosis Fest”, “Tashkent Rap Festival” musiqiy festivallari, shuningdek xokkey bo‘yicha o‘smirlar chempionati, muz ustida raqs shousi kabi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
2021 yilning 7-yanvar kuni Shahar muz maydoni ochilishi doirasida Rossiya muz sporti yulduzi, figurali uchish bo‘yicha Olimpiya chempioni Aleksey Yagudin o‘zining "Qish" dasturi bilan ishtirok etishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, ochiq osmon ostidagi muz maydoni ochilishida o‘zbek estradasi yulduzlarining konserti tashkil etiladi. Bundan tashqari, tashkilotchilar tomonidan fudkort zona xizmati yo‘lga qo‘yilib, unda poytaxtimizning tez ovqatlanish, qandolatchilik va qahva brendlari faoliyat yuritadi. Maydon oldida chang‘i va boshqa uchish aksessuarlari ijarasi punkti xizmati yo‘lga qo‘yiladi.