TOShKENT, 5 yanv - Sputnik. Bugun soat 15:00 dan bir qator gaz to‘ldirish shoxobchalari bir necha soatga ishini to‘xtatadi deb xabar qilmoqda Energetika vazirligi axborot xizmati.
"Zarur vaqtinchalik choralardan biri – avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh)ning soat 15.00 dan 05:00 gacha ishlashini cheklashdir. Ushbu vaqtinchalik chora magistral gaz quvurlarida barqaror gaz bosimi ta’minlanishi yo‘lga qo‘yilgunga qadar joriy etiladi, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 4-yanvar kuni gaz konlarini elektr bilan ta’minlovchi stansiyalarda sodir bo‘lgan nosozlik oqibatida, “Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”ning neft va gaz konlari bir necha soat davomida faoliyati to‘xtatilgan edi.
Ayni damda nosozlik sabab to‘xtatilgan barcha 14 ta gaz haydash agregatlari ishga tushirildi va ish rejimida ishlamoqda. Shu bilan birga 4-yanvar kuni yetkazib berilmagan hajmlar hamda 4-5 yanvar kunlari havo haroratining pasayishi tufayli gaz iste’molida o‘sish kuzatilayotgani tufayli, bir qator hududlarda mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, AGTKShlarga gaz yetkazib berishni cheklash chorasini qo‘llashga qaror qilgan.
Energetiva vazirligi xabariga ko‘ra, gaz yetkazib berishda, Respublika aholi iste’molchilari va elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ korxonalarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash birinchi darajali vazifa sifatida belgilangan.