TOShKENT, 4 yanv — Sputnik. Instagram ilovasi tahlilchilari 2020-yilda eng ko‘p “layk” olgan 10 ta post ro‘yxatini tuzishdi, deb xabar qilmoqda “Billboard” nashri.
Birinchi o‘rinni futbolchi Krishtianu Ronaldu egallagan. Uning afsonaviy argentinalik futbolchi Diyego Maradona vafoti haqida e’loniga 19,7 millionta “yoqdi” tugmasi bosilgan.
Mashhurlik bo‘yicha ikkinchi post aktor Chedvik Bouzmanning rasmiy sahifasida e’lon qilingan, unda aktor 43 yoshida saratondan vafot etgani xabar qilingan edi. Post 19,1 millionta “layk” to‘plagan.
Kuchli uchlikka Lionel Messi kiritilgan. Ispaniyaning “Barselona” klubi sardori Krishtianu Ronaldu kabi Diyego Maradona xotirasida bag‘ishlab surat joylagan. Bu surat 16,3 millionta “layk” to‘plagan.
To‘rtinchi o‘rin amerikalik model Kayli Jennerga munosib ko‘rilgan. Uning reper Trevis Skott va qizi Stormi aks etgan surati qariyb 16 million kishiga ma’qul kelgan.
Beshinchi pog‘onani basketbolchi Lebron Jeyms egalladi. Uning afsonaviy basketbolchi Kobi Brayant xotirasiga bag‘ishlab joylagan suratiga 15,4 million kishi baho berdi.
Oltinchi pog‘onadan amerikalik qo‘shiqchi Arina Grande o‘rin olgan. Uning elita ko‘chmas mulk bo‘yicha agent Dalton Gomes bilan unashtirilgani haqidagi post va u bilan tushgan suratlari 15,3 million (hozir bu raqam 15,5 millionga yetgan) foydalanuvchilarga yoqqan.
Eng mashhur postlar o‘nligiga Kayli Jenner va Krishtianu Ronalduning boshqa suratlari kiritilgan. Ular yettinchi, sakkizinchi, to‘qqizinchi va o‘ninchi o‘rinlarni o‘zaro bo‘lib olishgan.