TOShKENT, 4 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda 11-yanvardan barcha OTMlar an’anaviy ta’limga qaytadi. Bu haqda AOKAda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev ishtirokida o‘tayotgan brifingda ma’lum qilindi.
Babashevning so‘zlariga ko‘ra, barcha OTMlar tomonidan o‘quv jarayonini an’anaviy tarzda boshlash bo‘yicha grafik ishlab chiqilgan. Grafik asosida 2021-yil 11-yanvardan barcha OTMlarning tegishli kurslarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklda boshlanadi.
Ayrim betob yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarning o‘qishlari onlayn shaklda davom ettirilishi mumkin. Bu holatda OTMlar talabalarning sharoitlarini o‘rganib chiqadi. Barcha imkoniyatlari mavjud bo‘lgan talabalar an’anaviy ta’limga to‘liq jalb etiladi.
Haftalik o‘quv kunlari o‘quv rejasidagi haftalik yuklamalar asosida belgilanadi. O‘quv rejalaridagi fanlarga ajratilgan haftalik yuklamadan kelib chiqilsa, haftalik o‘quv kuni 5-6 kunga to‘g‘ri keladi. Bunda talabalarning kunlik yuklamasi ham oshib ketmasligi lozim.