TOShKENT, 3 yanv — Sputnik. 2021-yildan boshlab dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan Qur’on, azon va hadis musobaqalarida O‘zbekiston nomidan “Imomlar yurtiga sayohat” mukofoti joriy qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston ziyorat turizmini yanada rivojlantirishga oid prezident farmoni loyihasida belgilab qo‘yilmoqda.
Mazkur hujjat loyihasi bilan uzoq xorij va qo‘shni respublikalardan xorijiy ziyoratchi sayyohlarni qabul qilish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ham ishlab chiqilib, unda Ziyorat turizmi yo‘nalishida xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari hal qilinadi.
Shuningdek, 2021-yil avgust oyiga qadar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligi Dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan Qur’on hofizlari va Hadis talabalari musobaqalari g‘oliblari o‘rtasida grand-finalni O‘zbekistonda tashkil etish bo‘yicha Hukumat farmoyishi loyihasini ishlab chiqadi.