Qirg‘izistonda O‘zbekiston ko‘magi bilan yana ikkita shifoxona barpo qilindi

Bishkek shahri va Chuy viloyatidagi yengil konstruksiyali shifoxonalar O‘zbekiston tomonidan to‘liq moliyalashtirilgan va bir oyga yetmasdan qurib bitkazilgan.
Sputnik

TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Qirg‘izistonning Chuy viloyatida 24 o‘rinli va Bishkekdagi Milliy gospital hududida esa 176 o‘rinli yengil konstruksiyali shifoxonalar ochildi. Bu haqda Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.  

Qirg‘izistonda O‘zbekiston barpo qilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi ochildi

Mazkur loyihalar O‘zbekiston tomonidan to‘liq moliyalashtirilgan va bir oyga yetmasdan qurib bitkazilgan.

Tibbiyot muassasalarining ochilish marosimida Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri Alimkadir Beyshenaliyev va O‘zbekiston bosh vaziri maslahatchisi Mehriddin Xayriddinov ishtirok etdi.

“O‘zbekiston pandemiya davrida Qirg‘izistonga yordam bergan ilk davlatlardan bo‘ladi. Qo‘shni davlatdan kislorod konsentratorlari, respiratorlar va boshqa tibbiyot vositalari, 400 o‘rinli modul konstruksiyalar yuborildi”, - dedi Qirg‘iziston SSV rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston ko‘magi bilan Qirg‘izistonning Qadamjay tumanida 200 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilgan va ochilgani xabar qilingan edi.