Pandemiya davrida 600 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar vatanga qaytdi

Xorijdan 600 mingdan ortiq vatandosh olib kelindi. Chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarga zarur yordamlar ko‘rsatildi.
Sputnik

TOShKENT, 29 dek — Sputnik. O‘zbekiston hukumati koronavirus pandemiyasi vaqtida xorijdan 600 mingdan ortiq fuqaroning vatanga qaytishiga ko‘maklashdi. Bu haqda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

“Xorijdan 600 mingdan ortiq vatandoshimiz yurtimizga olib kelindi. Chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarimizga zarur yordamlar ko‘rsatildi. Pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan jami 82 trillion so‘mlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi”, - dedi davlat rahbari parlamentga yo‘llayotgan murojaatnomasi davomida.

Prezident Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etilib, koronavirusga qarshi kurashish, aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq tadbirlarga budjetdan 16 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilganiga aniqlik kiritdi.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida fidoyi va olijanob vatandoshlarning faol ishtirokida 800 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga 1 trillion so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.

Mirziyoyev pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, butun boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazilganini ta’kidladi. Qisqa muddatda Toshkent shahri va hududlarda, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan qariyb 30 ming o‘rinli davolash maskanlari tashkil etildi. Ular zarur dori-darmon, himoya va eng zamonaviy diagnostika vositalari bilan ta’minlandi.

Pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, chet ellik 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaxassislar jalb etildi.