Mirziyoyev mamlakat tashqi siyosatidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi

Prezident parlamentga murojaatnomasida mamlakatning tashqi siyosatini amalga oshirishdagi ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 29 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida mamlakatning tashqi siyosatini amalga oshirishdagi ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlardan kelib chiqqan holda, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtiriladi.

  • Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalar yanada mustahkamlanadi;
  • asosiy xorijiy sheriklar Rossiya, Xitoy, AQSh, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, BAA va boshqa qator davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalar yanada kengaytiriladi;
  • Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi yo‘lida amaliy yordam bundan keyin ham ko‘rsatiladi;
  • Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish masalalari doimo e’tibor markazida bo‘ladi;
  • inson huquqlarini ta’minlash, so‘z va diniy e’tiqod erkinligi bo‘yicha erishayotgan yutuqlar tegishli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlab boriladi;
  • qo‘shni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta’sirini yumshatishga qaratilgan harakatlar qat’iy davom ettiriladi;

Shuningdek, prezident tashqi ishlar vaziri va uning o‘rinbosarlari hamda mamlakatning chet ellardagi elchilari mazkur davlatlar bilan yangi, yanada samarali ish tizimini joriy etishlari zarurligini qayd etdi.

2021-2022 yillarda O‘zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishi bo‘yicha ham jiddiy tayyorgarlikni boshlangan.