Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni noqonuniylar safidan chiqarish bo‘yicha ish olib borilmoqda

Rossiya IIV keltirgan raqamlarga ko‘ra, 490 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarolari hozir ham nolegallar safida.
Sputnik

TOShKENT, 28 dek — Sputnik. Rossiyadagi noqonuniy o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini qonuniylashtirish borasida ish olib borilmoqda. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar qilmoqda.

Bandlik va mehnat vazirining yil yakuniga bag‘ishlangan jurnalistlar bilan uchrashuvida vazir o‘rinbosari Erkin Muhitdinov hozirda Rossiyada 490 ming nafarga yaqin mamlakat fuqarolari noqonuniylar safida ekanini ma’lum qildi.

Muhitdinovning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda 50,7 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari hujjatlarini rasmiylashtirib, patent olgan va “nolegallar” safidan chiqarilgan. Bunda Rossiyadagi elchixona va konsulliklar olib borgan tashviqotlar yordam bergan. Fuqarolarga Rossiyada bo‘lish tartibi uzaytirilgani va noqonuniy bo‘lib turganlar bo‘lishlarini qonuniylashtirishlari mumkinligi tushuntirilgan.

“Rossiya IIV keltirgan raqamlarga ko‘ra, 490 mingga yaqin fuqarolarimiz hozir ham nolegallar safida. Ularni ham legallashtirishimiz kerak. Bu borada ish olib borapmiz. Endi sal boshqacha ish qilamiz. 490 ming nafarning ro‘yxatini olamiz. Bu yerda ish qilamiz”, - dedi vazir o‘ribosari.

Uning ta’kidlashicha, Rossiyada noqonuniy bo‘lganlar yashaydigan hudud, viloyat, mahallalarga boriladi. Ota-onalarga farzandlari Rossiyada o‘zlarini qonuniylashtirishi mumkinligi tushuntiriladi. Keyin ular qayerga borishi kerakligi va manzillar aytiladi. Shu tariqa ularni ham nolegallar safidan chiqarish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada koronavirus pandemiyasi tufayli migrantlarning vaqtinchalik bo‘lish muddati 2021 yilning 15-iyuniga qadar uzaytirilgan. Shu vaqt mobaynida noqonuniy bo‘lgan chet elliklar IIV migratsiya masalalari bo‘yicha boshqarmalariga murojaat qilib, yangi registratsiya uchun hujjat topshirishi mumkin. Keyin patent rasmiylashtirishi mumkin. Bunda ular faqat bir necha ming rubl jarimaga tortiladi, xolos. Putinning ushbu farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan keyin noqonuniy yurishda davom etganlarni keyinchalik mamlakatdan chiqarib yuborishlari mumkin.