Bu metro yo‘nalishini loyihalashtirish 2017-yilda boshlangan edi. Uzunligi 7 kilometrlik mazkur temir yo‘lda beshta bekat barpo etilgan.
Metropolitenning “Olmazor” bekati bilan oraliqda 580 metrlik tonnel qurilib, yer usti va yer osti yo‘llari bog‘langan.
Bekatlar milliy dizayn asosida pardozlangan, zamonaviy texnologiyalar, elektron to‘lovli turniketlar, eskalator va liftlar bilan jihozlangan. Bu yo‘nalishda 214 nafar xodim yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Ushbu yo‘nalishda kuniga 35 mingtagacha odam qatnashi mumkin. Shu bois u ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ekologik jihatdan ulkan ahamiyatga ega. Masalan, Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li aksar hollarda tirband bo‘ladi. Oqibatda yoqilg‘i sarfi ortib, atmosferaga katta miqdorda zararli gazlar chiqadi. Odamlar manziliga kechikib, asabiylashadi. Yangi yer usti metrosi esa aholiga juda katta qulaylik yaratadi.
Ishga tushgan metro suratlari Sputnik jamlanmasida.