O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ma’lumotnoma cheklanmagan muddatga beriladi va ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda haq undirilmaydi.
Sputnik

TOShKENT, 24 dek — Sputnik. Hukumat qarori bilan O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar asosan qaysi sohalarda ishlashi ma’lum bo‘ldi

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga Nomoddiy madaniy meros obyektlarini (dorboz, askiya va lapar) asrash va ulardan foydalanish (madaniyat markazi tarkibida faoliyat yuritayotgan shaxslar bundan mustasno) faoliyat turi kiritildi.

Nizomga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi (registr) davlat soliq xizmati organlari tomonidan yaratiladi va parallel ravishda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida shakllantiriladigan jismoniy shaxsning shaxsiy ishga joylashishi tarixiga integratsiya qilinadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxsning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi talab etilmaydi.

Mazkur faoliyatni amalga oshirish natijasida olingan daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tatbiq etilmaydi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ma’lumotnoma cheklanmagan muddatga beriladi va ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda haq undirilmaydi.