O‘zbekistonliklarni Rossiyaga ishga jalb qilish masalalari muhokama etilmoqda

O‘zbekiston delegatsiyasi fuqarolarni tashkillashtirilgan holda Rossiyaga ishga jalb qilish masalalarini muhokama qilish va qator kelishuvlarga erishishi maqsadida ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi.
Sputnik

TOShKENT, 24 dek — Sputnik. O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaga tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish masalalari muhokama etilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar qilmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o‘zbekistonliklarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, pandemiya vaqtida epidemiologik vaziyatga rioya qilgan holda O‘zbekistondan fuqarolarni tashkillashtirilgan holda Rossiyaga ishga jalb qilish masalalarini muhokama qilish va qator kelishuvlarga erishishi maqsadida ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi.

Delegatsiya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbariyatidan iborat.

Putin xorijlik hamkasblari bilan migrantlar bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qiladi

Tashrif doirasida Rossiya SSVda tashkil etilgan uchrashuvda patent olishda talab etiladigan OITS tahlili, sifilis, flyuorografiya, qon tahlili, psixotrop moddalar tahlili kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiy ma’lumotnomani O‘zbekistonda olishni joriy etish yuzasidan vakolatli markazlar ochishning tashkiliy masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining “Yurinvestxolding” kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Rossiya hududidagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Rossiyaning 7 ta hududida O‘zbekiston fuqarolari uchun kasbiy malaka va rus tilini o‘qitish dasturini rivojlantirish hamda 2021-yilda ushbu kurslarga jalb etiladigan fuqarolar qamrovini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.