TOShKENT, 24 dek — Sputnik. O‘zbekistonning ko‘magi bilan Qirg‘izistonda 200 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurib bitkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilmoqda.
Shifoxona Botken viloyati Qadamjay tumani ochildi. Zamonaviy shifoxona qurilishi va jihozlanishi to‘liq O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirildi va qisqa muddatlarda foydalanishga topshirildi. Muassasa zarur tibbiy jihozlar va mebellar bilan to‘liq jihozlangan bo‘lib, bemorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
O‘zbekiston delagatsiyasi ikki tomonlama muloqotlar davomida sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari, shu jumladan, "COVID-19"ga qarshi birgalikda kurashish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, tomonlar yuqumli kasalliklarni davolash, tashxislash va oldini olish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri Alimkadir Beyshenaliyev yuqumli kasalliklar shifoxonasining qurilishi, uning jihozlanishida ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak va taqdim etilayotgan gumanitar yordam uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, pandemiya davrida moliyaviy imkoniyatlar hamda davolash muassasalarida shifo-o‘rinlari yetishmayotgan shunday murakkab sharoitda o‘zbekistonliklarning ushbu ko‘magi yuqori baholanishini aytib o‘tdi.
200 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasining ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga va o‘zbek xalqiga minnatdorlik bildirib, ushbu tashabbus qirg‘iz-o‘zbek xalqlari orasidagi azaliy do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashini ta’kidlashdi.
Shuningdek, Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri "COVID-19"ga qarshi kurashish doirasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlarni ham alohida e’tirof etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan so‘zga chiqqan sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A. Inoyatov O‘zbekiston tomoni tibbiyot sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligini, shuningdek, butun dunyoga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasiga qarshi qardosh Qirg‘iziston xalqi bilan birgalikda kurashishga tayyorligini bildirdi.