TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Samarqandda yo‘lning qoq o‘rtasida yarim yalang‘och bo‘lib “Kaptiva” yo‘lini to‘sgan erkakka nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, olib borilgan surishtiruvlar natijasida ushbu huquqbuzarlikni Samarqand tumani Mironqul MFYda yashovchi 25 yoshli S.B. sodir etgani aniqlangan. U mast holatda bo‘lgan.
Unga nisbatan O‘zbekiston MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar yakuniy qaror qabul qilish uchun Samarqand tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudiga yuborilgan.
Shuningdek, fuqaroning o‘zi bilan bu kabi huquqbuzarliklarni takroran sodir etmaslik borasida profilaktik suhbat o‘tkazildi.