TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Navoiy shahrida gaz hisoblagich ko‘rsatkichlarini o‘zgartirgan xususiy korxona rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Sputnik agentligiga Bosh prokuratura matbuot kotibi ma’lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy shahar bo‘limi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazgan. Unda “N.” xususiy korxonasi rahbari ohak ishlab chiqarish sexida o‘rnatilgan gaz hisoblagich ko‘rsatkichlarini o‘zgartirgani aniqlangan. Gaz ta’minoti korxonasi manfaatlariga 437 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185.2-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi ochilgan.
Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklifini bildirgani xabar qilingan edi.