Markaziy bank raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

O‘zbekiston prezidenti Ayubxon Kamalovni Markaziy bank raisi o‘rinbosari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.
Sputnik

TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan Ayubxon Kamalov Markaziy bank raisi o‘rinbosari etib tayinlandi.

U Markaziy bankning naqd pul muomalasini tashkil etish, bank tizimida metodologiya ishlarini muvofiqlashtirish, kadrlar bilan ishlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish, tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish kabi yo‘nalishlarini muvofiqlashtirib boradi.

O‘zbekistonda yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari 16,3%ga qimmatladi - MB

Ayubxon Kamalov 1971-yil Namangan shahrida tug‘ilgan. 1993-yil Leningrad qishloq xo‘jaligi institutini, 2001-yil Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan.

Bank tizimidagi faoliyatini 1994-yilda boshlagan. Keyinchalik Moliya vazirligida sektor mudiri, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2017-2019 yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ijrochi direktori sifatida faoliyat yuritgan. 2019-2020 yillarda Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida mehnat qilgan.

Kamalov yangi lavozimiga tayinlangunga qadar Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgarishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyati mudiri bo‘lib ishlab kelayotgan edi.