Buxoro shahar prokuroriga hayfsan e’lon qilindi

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat tekshiruvida Jasur Fozilov mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yib, o‘zi rahbarlik qilayotgan prokuratura ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishining tergovi ustidan nazoratni ta’minlamagan.
Sputnik

TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Bosh prokuror Yig‘matilla Yo‘ldoshev o‘z lavozimiga qaytgan Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovga hayfsan e’lon qildi.

Bosh prokuratura rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, 2020-yil 2-dekabr kuni xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha chetlashtirilgan Jasur Fozilovga nisbatan xizmat tekshiruvi yakunlanganligi munosabati bilan bosh prokurorning buyrug‘iga asosan shahar prokurori 2020-yil 19-dekabrdan xizmat vazifalarini bajarishga kirishgan.

Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov lavozimiga tiklandi

Xizmat tekshiruvida Fozilov o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yib, o‘zi rahbarlik qilayotgan prokuratura ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishining tergovi ustidan nazoratni ta’minlamaganligi aniqlangan. Amaldagi qonunchilik bilan muqobil tekshiruvlar bekor qilingan bo‘lsa-da, jinoyat ishiga aloqasi bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlar mansabdor shaxslarini tergovga jalb qilib, so‘roq qilish orqali muqobil tekshirgan. Shuningdek, asossiz ravishda tadbirkorni chaqirtirish va majburiy keltirish haqida qo‘l ostidagi tergovchiga topshiriq bergan.

“Shularga ko‘ra, Bosh prokurorning 21.12.2020 yildagi buyrug‘i bilan Buxoro shahar prokurori J.Fozilovga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanildi”, - deyilgan xabarda.