Toshkent hokimi Ortiqxo‘jayev TikTok uchun videoga tushdi

O‘zbekistonda tiktokerlarga taqiq qo‘yish emas, balki ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish bo‘yicha ish olib borish kerak, degan fikrni bildirgan Ortiqxo‘jayev, Yoshlar forumida yoshlar bilan birgalikda TikTok uchun videoga tushgan.
Sputnik

TOShKENT, 18 dek - Sputnik. O‘zbekiston poytaxti rahbari Jahongir Ortiqxo‘jayev bugun Toshkent shahrida o‘tkazilgan Yoshlar forumida Tik Tok uchun videoga tushdi. Hokimning yonida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev ham bo‘lgan.

Ikki amaldorning yoshlar bilan Tik Tok uchun videoga tushayotgan surati ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ommalashmoqda.

Toshkent hokimi Ortiqxo‘jayev TikTok uchun videoga tushdi

Eslatib o‘tamiz, sal oldin Ortiqxo‘jayevning O‘zbekistondagi tiktokerlar bo‘yicha bildirgan fikrlari mahalliy OAVlarda tarqalgan edi.

Ortiqxo‘jayevning fikricha, tiktokerlarga taqiq qo‘yish emas, balki ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish bo‘yicha ish olib borish kerak.

TikTok uchun videoga Qur’onni yirtgan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi

"TikTok’ni internet olamining bir qismi deb bilaman. Internetda blogerlar ham bor, jurnalistlar ham bor, tiktokerlar ham bor. Ularni bir-biridan, ya’ni etni tirnog‘idan ajratib bo‘lmaydi. Yurtimizda tiktokerlarga taqiq qo‘yish emas, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish bo‘yicha ish olib borishimiz kerak. Yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, ularga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatib, qilayotgan ishlaridan samarali foydalansa bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Menimcha, har narsaga taqiq qo‘yish rivojlanayotgan demokratik davlatga hos narsa emas. Ular bilan birga ishlaymiz, ularga tayanch bo‘lamiz, ularni himoya qilamiz. Bugun ahamiyatsiz bo‘lib ko‘rinayotgan tiktokerlar ertaga ahamiyatli shaxsga aylanib qolishi hech gap emas. Biz ularning yonlarida tayanch bo‘lsak, bas", - degan Ortiqxo‘jayev. Hokim so‘zlaridan "Daryo" nashri iqtibos keltirgan.